Murojaatnoma
A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat Milliy instituti rektori
Assalomu alaykum aziz ustozlar, hurmatli ta'lim tizimi xodimlari!
Maktab ta'limi tizimidagi faoliyatim, A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti rektori sifatida Sizlarga ilk bor murojaat yoʻllamoqdaman.
Avvalo, mamlakat kelajagi yosh avlodning ta'lim tarbiyasi, maktab ta'limini rivojlantirishdek mas'uliyatli va shu birga sharafli tizimda faoliyat olib borishimga bildirilgan ishonch uchun tashakkur bildiraman.
Biz tez rivojlanib borayotgan jamiyatda yashayapmiz. Bu esa o‘z-o‘zidan oldimizga yangi talablar, yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Qaysi sohada, qaysi tashkilotda, qaysi lavozimda faoliyat yuritmaylik izlanishga, oldinga intilishga va muammolarga yangicha echimlarni qidirishga undamoqda.
PISA tadqiqoti asoschisi Andreas Shlyayxerning juda toʻgʻri keltirilgan bir fikri bor, «Ta'lim sifati hech qachon oʻqituvchi sifatidan oshib ketolmaydi». Ya'ni, ta'limni rivojlantirishga oʻqituvchilar sifatini oshirish bilan erishiladi. Institutimizga yuklatilgan asosiy vazifalardan biri mana shu maktab ta'limi boshqaruviga rahbar kadrlarni “Menejerlik oʻquv kurslari”da tayyorlash, pedagog-xodimlarni kasbiy rivojlantirish va qayta tayyorlashdir.
Soʻngi yillarda ta'lim tizimi xususan, maktab ta'limiga katta e'tibor qaratilib, davlat siyosati darajasiga koʻtarildi va qator ustuvor vazifalar belgilandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 iyundagi “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-231-son qarori asosida Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti negizida Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti tashkil etilib, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda mazkur institut pedagoglarning kasb mahoratini oshirishga ma’sul etib belgilandi. Shu bilan birga muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti bino va inshootlari to‘liq yangidan barpo etildi hamda “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” arafasida Institutga tashrifi doirasida bayram tuhfasi sifatida taqdim etildi.
Institutga qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib belgilagan asosiy maqsadimiz maktab ta'limi tizimi orqali zamon talablariga javob beruvchi yuqori malakali pedagog kadrlarni malakasini oshirish, uzluksiz kasbiy rivojlantirish, ularni zamon talablariga mos qayta tayyorlash, shu bilan birga oliy ta'limdan keyingi ta'lim boʻyicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan doktorant va mustaqil izlanuvchilarni tayyorlashdir.
Murojaatimning asosiy maqsadi Maktab ta'limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini malaka oshirish va qayta tayyorlash sohasidagi shaffoflik, oshkoralikni ta'minlash, shuningdek, Sizni qiynayotgan koʻplab savollar, muammolarga birgalikda yechim topish va korrupsiya holatlarini bartaraf etish choralarini belgilab olishdir.
Men va shakllanayotgan jamoamning asosiy vazifasi maktab ta'limi tizimida qayta tayyorlash va malaka oshirish faoliyatini tubdan oʻzgartirib, Sizning ishonchingizni oqlash, tizimni yanada xalqaro tajribalar asosida rivojlantirish orqali tizim obroʻsini tiklashdan iborat.
Shaffof faoliyat olib borishda sizning yordamingizga muhtojmiz. Shuning uchun siz bilan konstruktiv va samimiy muloqot oʻrnatishimiz muhim ahamiyatga ega. Agar siz institut faoliyati doirasida qandaydir muammolarga, toʻsiqlarga duch kelayotgan boʻlsangiz, shuningdek, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini rivojlantirish va takomillashtirish boʻyicha fikr va takliflaringiz boʻlsa, biz bilan bogʻlaning va bu haqda xabar bering.
Buning uchun A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri rektorga yo‘naltirilgan telegramm messenjerida yaratilgan @A_Avloniy_Rector_feedback_bot hamda ishonch raqamlari ((55) 508-06-67) ishlab turibdi.
Mamlakat kelajagi, ta'lim sifatiga befarq boʻlmagan har bir fuqaro murojaati va soʻrovini nazoratsiz qoldirmaymiz.
Aziz ustozlar, hurmatli hamkasblar!
Bizning asosiy vazifamiz – sizning yordamingiz bilan sohadagi korrupsiya va byurokratiyaga qarshi kurashadigan, shuningdek, fuqarolar manfaatlariga yoʻnaltirilgan sifatli xizmatlarni taqdim etadigan tizimni yaratish.
Aminmanki, institut jamoasi, xodimlari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan amaldagi qonunchilik hujjatlari, kasbiy odob-ahloq qoidalariga qatʼiy rioya etish boʻyicha quyi tashkilotlar va pedagoglarga shaxsiy namuna boʻladilar.
Hurmat bilan,
Abduvali Ismailov
Institut rektori,
Pedagogika fanlari bo‘yicha
falsafa doktori (PhD), dotsent