DIQQAT: UNICEF LOYIHASI DOIRASIDA MUTAXASSISLAR JALB  ETILADI

21 12.10.2026 14:59

    Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti UNICEFning texnik va moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan inklyuziv ta’lim sohasidagi loyiha doirasida turli yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislarni fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasi asosida jalb etish uchun tijorat takliflarini qabul qiladi.

Jalb etiladigan mutaxassisliklar

Loyiha doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar jalb etiladi:

1. Loyiha menejeri — 1 nafar.
2. Loyiha assistenti/logist — 1 nafar.
3. Texnik ishchi guruhi koordinatori — 1 nafar.
4. Maxsus pedagoglar uchun kasbiy standartlarni ishlab chiqish bo‘yicha mutaxassislar — 12 nafar.
5. Maktab o‘qituvchilari uchun inklyuziv ta’lim kompetensiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha mutaxassislar — 6 nafar.
6. Maktabgacha ta’lim pedagoglari uchun inklyuziv ta’lim kompetensiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha mutaxassislar — 6 nafar.
7. Loyiha muharriri/retsenzenti — 1 nafar.
8. Loyiha matni muharriri — 1 nafar.
9. Loyiha buxgalteri — 1 nafar.
10. Loyiha matni tarjimoni (o‘zbek tilidan rus tiliga) — 1 nafar.

Mutaxassislarning asosiy vazifalari

- Loyiha menejeri: loyiha faoliyatini umumiy muvofiqlashtirish, ish rejalari va muddatlari ijrosini nazorat qilish, texnik ishchi guruhlar faoliyatini boshqarish, hujjatlarning sifatini ta’minlash hamda oraliq va yakuniy hisobotlarni tayyorlash jarayonini muvofiqlashtirish.

- Loyiha assistenti/logist: yig‘ilish va tadbirlarni tashkiliy-logistik jihatdan ta’minlash, hujjatlar aylanishini yuritish, ishtirokchilar va hamkorlar bilan aloqalarni tashkil etish, ishlar ijrosini kuzatib borish hamda belgilangan tartibda axborot tayyorlash.

- Texnik ishchi guruhi koordinatori: uchta tematik kichik guruh faoliyatini muvofiqlashtirish, ish rejalarining bajarilishini monitoring qilish, hujjat va metodik materiallar sifatini nazorat qilish, ekspertlar hamda manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlash.

- Maxsus pedagoglar uchun kasbiy standartlarni ishlab chiqish bo‘yicha mutaxassislar: maxsus pedagoglarning mehnat funksiyalari, kasbiy kompetensiyalari va malaka talablarini ishlab chiqish, milliy qonunchilik hamda xalqaro tajribani tahlil qilish, standartlarni ta’lim tizimi talablariga moslashtirish va ekspertlik muhokamalarida ishtirok etish.

- Maktab o‘qituvchilari uchun inklyuziv ta’lim kompetensiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha mutaxassislar: amaldagi kasbiy standartlarni tahlil qilish, o‘qituvchilarning inklyuziv ta’limga oid qo‘shimcha funksional vazifalari va kompetensiyalarini ishlab chiqish, ta’lim jarayonini moslashtirish hamda barcha o‘quvchilar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan talablarni shakllantirish.

- Maktabgacha ta’lim pedagoglari uchun inklyuziv ta’lim kompetensiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha mutaxassislar: maktabgacha ta’lim pedagoglarining amaldagi kasbiy standartlarini takomillashtirish, bolalarning individual ta’lim ehtiyojlarini hisobga olish, xavfsiz va to‘siqsiz muhit yaratish, rivojlanishni kuzatish hamda ota-onalar va tegishli mutaxassislar bilan hamkorlik qilishga oid kompetensiyalarni ishlab chiqish.

- Loyiha muharriri/retsenzenti: ishlab chiqilgan kompetensiyalarni ilmiy-metodik jihatdan tahlil qilish, mustaqil ekspertiza va retsenziya o‘tkazish, mazmuniy kamchiliklarni aniqlash hamda asoslangan takliflar kiritish.

- Loyiha matni muharriri: loyiha hujjatlarini imloviy, grammatik, uslubiy va texnik jihatdan tahrir qilish, atama va tushunchalarning izchilligini ta’minlash hamda yakuniy matnni rasmiylashtirish.

- Loyiha buxgalteri: loyiha mablag‘lari hisobini yuritish, xarajatlarni nazorat qilish, moliyaviy hujjatlarni rasmiylashtirish va belgilangan muddatlarda hisobotlarni tayyorlash.

- Loyiha matni tarjimoni: loyiha hujjatlarini o‘zbek tilidan rus tiliga tarjima qilish, terminologik uyg‘unlikni ta’minlash hamda tarjimalarni lingvistik va mazmuniy jihatdan tekshirish.

 

Mutaxassislarning har bir yo‘nalish bo‘yicha batafsil vazifalari Institut tomonidan tasdiqlangan texnik topshiriq va shartnoma shartlariga muvofiq belgilanadi.

Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar

Nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:

• oliy ma’lumotga ega bo‘lish;
• tegishli sohada amaliy yoki ilmiy-pedagogik ish tajribasiga ega bo‘lish;
• kasbiy standartlar, kompetensiyalar yoki normativ hujjatlarni ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish tajribasiga ega bo‘lish (tegishli yo‘nalishlarda);
• zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalana olish;
• hujjatlarni rasmiy-ish uslubida o‘zbek tilida tayyorlash ko‘nikmasiga ega bo‘lish;
• tarjimon lavozimi uchun o‘zbek va rus tillarini mukammal bilish;
• mas’uliyatli bo‘lish, belgilangan muddatlarga rioya qilish, tahliliy fikrlash va jamoada ishlash qobiliyatiga ega bo‘lish.

Taqdim etiladigan hujjatlar

Talabgorlar quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:

1. Tijorat taklifi — tanlangan mutaxassislik, xizmat qiymati (so‘mda) va xizmatni bajarish muddati ko‘rsatilgan holda.
2. Nomzodning rezyumesi — ma’lumoti, ish tajribasi, ilmiy darajasi va unvoni (mavjud bo‘lsa), loyiha yo‘nalishidagi tajribasi haqida ma’lumot.
3. Pasport yoki ID-karta nusxasi.
4. Oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom nusxasi, mavjud bo‘lsa, ilmiy daraja va unvonni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi.

Hujjatlarni topshirish muddati va tartibi

Tijorat takliflari 2026-yil 15-oktabrga qadar qabul qilinadi.

Hujjatlar A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti Inson resurslarini rivojlantirish bo‘limiga taqdim etilishi lozim.

Belgilangan muddatdan keyin kelib tushgan yoki zarur hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan takliflar ko‘rib chiqilmasligi mumkin.

Tanlov natijalarini aniqlash tartibi

Kelib tushgan tijorat takliflari Institut tomonidan quyidagi mezonlar asosida ko‘rib chiqiladi:

• nomzodning malakasi va tanlangan mutaxassislikka muvofiqligi;
• tegishli sohadagi ish tajribasi va erishgan natijalari;
• taklif etilgan xizmat qiymati;
• loyiha vazifalari va muddatlariga muvofiqligi.

Tanlab olingan nomzodlar bilan Institut o‘rtasida tegishli shartnomalar tuziladi. Xizmat haqi loyiha mablag‘larini moliyalashtirish shartlari va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq, shartnomada belgilangan tartibda to‘lanadi.

Tanlov natijalari nomzodlarga tijorat taklifida ko‘rsatilgan aloqa vositalari orqali ma’lum qilinadi.

Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Ziyo ko‘chasi, 6-uy.

Murojaat uchun telefon: (55) 508-06-67.

A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti barcha malakali va tegishli tajribaga ega mutaxassislarni loyiha doirasidagi hamkorlikka taklif etadi.

 

 

Media resurslar

Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda
Powered by GSpeech