ISHONCH fondi tomonidan moliyalashtirilgan loyiha doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti hamda UNESCO hamkorligida master-trenerlarni tayyorlash dasturini amalga oshirish davom etmoqda.
Navbatdagi treninglar 14-17-yanvar kunlari Avloniy nomidagi institutda "Uslubiy ekspertiza, rejalashtirish, tashkil etish va baholash" mavzusiga bag‘ishlab tashkil etildi.
ISHONCH loyihasi doirasida ikkinchi marotaba o‘tkazilayotgan ushbu trening UNESCO experti, professor Katarina Popovich tomonidan olib borilmoqda. Hozirda treningda qatnashayotgan master-trenerlar keyinchalik xalqaro mutaxassislar bilan birgalikda Buxoro, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlaridan tanlab olingan 300 nafar mentorlar uchun o‘quvlarni tashkil etishlari rejalashtirilgan.
✅Trening ishtirokchilari bilan suhbatlashish jarayonida Institut rektori A. Ismailov hududlarda mukammallik markazlarini tashkil qilish, master-trener va mentorlar uchun kompetensiyalar ramkasini ishlab chiqish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelajakdagi rejalarga to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, 4 kun davom etayotgan treningda ishtirokchilar turli o‘rganish nazariyalariga asoslangan didaktik tanlovlar, ehtiyojlarni turli darajalarda baholash, kompetensiyaga yo‘naltirilgan natijalarni shakllantirish va ularni usullar va baholash bilan bog‘lash, Metodologik xilma-xillik va chuqurlikni ta'minlash, turli guruhlar bilan trening dinamikasi va fasilitatsiya usullarini qo‘llash bo‘yicha bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishlari kutilmoqda.







