Master-trenerlarni tayyorlash bo‘yicha treningga start berildi
Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rahbarligida, Abdulla Avloniy nomidagi institut tomonidan Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda “Master-trenerlarni tayyorlash bo‘yicha trening”ga start berildi.
Treningning ochilish qismi va plenar sessiyalari InterContinental Tashkent mehmonxonasida o‘tkazildi.
Mazkur treningdan ko‘zlangan maqsad:
- Uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimi doirasida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarini sifatli tashkil eta oladigan hamda mentor-o‘qituvchilarga metodik jihatdan ko‘mak beradigan malakali master-trenerlarni tayyorlash;
- Zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodik yondashuvlar bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarni oshirish;
- Xalqaro ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda ilg‘or tajriba almashish maydonini yaratish;
- Umumta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayonlari va “Kelajak soatlari” samaradorligini oshirish;
- Ta’lim jarayonida samaradorlikni ta’minlash va o‘qituvchilarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash.
Sessiyalarda 2026–2027-o‘quv yilida KRK/KRS dasturlarining mazmuni va tashkil etilishi, xalqaro hamkorlik, fanlar kesimida mashg‘ulotlarni tashkil etish hamda pedagoglarning zamonaviy kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlash joizki, ushbu treningga jalb etilgan 320 nafar master-trener keyinchalik bir o‘quv yili davomida barcha 14 ta hududdagi belgilangan 1500 ta tayanch maktabda kasbiy rivojlanish mashg‘ulotlarini olib boruvchi 4 000 nafar mentor-o‘qituvchining faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda 350 ming nafardan ortiq o‘qituvchi uchun kaskad usulidagi treninglarga rahbarlik qiladi.
Treningning 12 ta yo‘nalishdagi sessiyalari 16–17-sentabr kunlari A.Avloniy nomidagi institutda davom ettiriladi.









