TILNI ASRASH, RIVOJLANTIRISH – MILLATNING YUKSALISHI DEMAKDIR
Bugun Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida 21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demakdir” mavzusida tadbir tashkil etildi. Tadbir davlat madhiyasi bilan boshlandi.
Institut rektori Abduvali Ismailov kirish so‘zi bilan tadbirni ochib berib, ta’lim-tarbiya jarayonida o‘zbek tilining nufuzini oshirish, uning sofligi va boyligini asrash, yosh avlodda ona tiliga mehr va hurmat tuyg‘usini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsentlari Nargiza Musulmanova va Yekaterina Shirinova ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Ma’ruzalarda o‘zbek tilining milliy o‘zlik timsoli sifatidagi ahamiyati, tillarning insonlar qalbini bog‘lovchi vosita ekanligi hamda ona tilini asrab-avaylashning ma’naviy ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, o‘zbek tilidagi ilk manbalar haqida videorolik namoyish etilib, tilimizning boy tarixi va bebaho ma’naviy merosi yoritildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir, “Shuhrat” medali sohibi, “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Rauf adabiy til va kitobxonlik madaniyatining ahamiyati xususida fikr bildirdi.
Tadbir yakunida 21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan institutning tabrik roligi namoyish etildi.
Ona tilini asrash milliy o‘zlikni asrashdir!









