"Bonu"
Roman shu yaqin kunlar, “bozor iqtisodi”, “globallashuv” davri hayoti va bu hayotning serpo‘rtana, sertahlika, seraldov, serro‘yo voqealari va bu dog‘uli voqealarni harakatga solgan, ularni “xarakterli” qilgan odamlarni sahnaga olib chiqqan.
Roman shitob bilan yozilgan va o‘quvchi ham tabiiy shitob bilan voqealar ichiga, qahramonlarning taqdir dunyosiga kirib boradi.
Roman shu “bozor” zamonida ko‘p fojiali damlar, fojiali sho‘rishlar, ayriliqlar, xiyonatlar, sharmandaliklar, razolatlarni o‘z boshidan kechirgan Bonu degan go‘zal qiz – muallimaning tilidan maktublar, kundaliklar, xotiralar tarzi-usulida bitilgan.
Bonudagi umuminsoniy kuch va saliqa kasb etgan Oriyat! Nomus! – millat, insoniyat miqyosida tarbiyalansa, ijtimoiy zaruriy kuchga – harakat va intilishdagi kuchga aylansa, qaniydi, deymiz. Bonuning tabiiy samimiyati, tabiiy oriyati o‘quvchini rom etadi va bizga harakatdagi kurashchanlik namunasi bo‘lib tuyuladi.