"Iqrornoma"
“Iqrornoma” yuksak samimiyati bilan, Tolstoyning o‘zi haqida o‘ta shafqatsiz qalam tebratish bilanoq bizga inson to‘g‘risida fikr yuritganda bir tomonlamalikka yo‘l qo‘ymaslik zarurligini, masalaning hamma qirralariga birday eʼtibor bilan qarash kerakligini o‘rgatadi. “Iqronoma”ning yana bir fazilati muallif fikrlarining g‘oyatda o‘tkirligida. U har gal betakror bir sinchkovlik bilan masalaning mohiyatigacha yetib borishga harakat qiladi va natijada kitobxon ilgari kam eʼtibor bergan jihatlarni ochib, uni yana-da qiziqtirib, o‘z ortidan yetaklaydi.
“Iqrornoma”ni muallif 1879-yilda, yaʼni 51 yoshida yoza boshlagan, lekin uning mazmuni haqida, asarda qo‘yilgan axloqiy-maʼnaviy va falsafiy masalalar to‘g‘risida kamida 20 yoshidan o‘ylay boshlagan. Demak, asar dafʼatan tug‘ilgan, birdan esga tushib qolgan, fikr-mulohazalarga asoslangan emas. Ehtimol, shuning uchundirki, u bugungi kitobxon uchun ham g‘oyatda ardoqli.