“Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarini boshqarish jarayonlari raqamlashtirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-son qarori hamda vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari joriy qilingan.
Unga ko'ra:
Birinchi bosqichda, 2024-yil 2-oktabr sanasidan aniq va tabiiy fan o‘qituvchilari uchun, ikkinchi bosqichda, 2025-yil 31-yanvardan xorijiy til (ingliz tili) fani, 15-fevraldan boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari tashkil etilib, jami 277 ming nafarga yaqin pedagoglar qamrab olingan.
Uchinchi bosqichda, 2025-2026-o‘quv yili davomida 11 ta yo'nalish bo'yicha fan o‘qituvchilari uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlari tashkil etilishi belgilangan bo‘lib, tadbirlar davomida 292 nafar master-trenerlar, 3 901 nafar mentor-o‘qituvchilar, 92 707 nafar yetakchi o‘qituvchi va 467 944 nafar o‘qituvchilar qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Kasbiy rivojlantirish jarayonlarini raqamlashtirish, o‘qituvchilar uchun yangi qulayliklar yaratish, ta’lim tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanish jarayonlarini samarali boshqarish maqsadida http://krk.avloniy.uz platformasi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
Mazkur platforma orqali o‘qituvchilarning treninglardagi ishtiroki, o‘zlashtirish jarayoni, davomatini elektron tarzda kuzatish, shuningdek kontent materiallarini to‘liq va tizimli yetkazish imkoniyati yaratildi.
Ushbu raqamli yechim o‘qituvchilar uchun barcha kasbiy rivojlantirish jarayonlarini yagona onlayn muhitda boshqarish va natijalarni tahlil qilish imkonini beradi.