Fanlar akademiyasi faoliyati takomillashtiriladi
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
➖ Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Hilola Umarova, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, akademik va olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari direktorlari va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
✅️Muloqot davomida mamlakatimiz ilm-fani sohasi oldiga qoʻyilgan muhim strategik maqsadlar hamda Davlatimiz rahbarining Fanlar akademiyasi faoliyatini rivojlantirishga doir qarori ijrosiga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Taʼkidlanganidek, 2030-yilga qadar Akademiya va uning tizim tashkilotlarida yangi ilmiy ishlanmalar soni va tijoratlashtirishdan olinadigan mablagʻlar hajmi uch baravar, akademik va professorlarning taʼlim jarayonidagi ishtiroki besh baravar, xalqaro hamkorlikda amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar soni uch baravarga oshirilishi aytildi.
➖ Akademiyaning yangi ishlanmalarini tijoratlashtirish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Fan va sanoat integratsiyasi kengashi tashkil etiladi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi hamda Innovatsion rivojlanish agentligining Xalqaro molekulyar allergologiya markazi Fanlar akademiyasi tizimiga oʻtkaziladi.
Fanlar akademiyasining Namangan, Samarqand va Termiz shaharlaridagi hududiy boʻlimlari hamda Xalqaro ilm-fan kengashining Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisi tashkil etiladi.
➖ Albatta, bu kabi muhim oʻzgarishlar Fanlar akademiyasi faoliyatini rivojlantirish hamda akademiklarning ilmiy salohiyatini yuksaltirishda muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.









