A.Avloniy nomidagi institutda Britaniya Kengashi hamkorligida o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy platforma — "Uzluksiz kasbiy rivojlanish Xab"(CPD Hub) ishga tushirildi.
Mazkur Xab institut hududida joylashgan bo‘lib, u ishtirokchilar uchun keng imkoniyatlar yaratuvchi, zamonaviy resurslar bilan ta’minlangan, yuzma-yuz va onlayn shaklda tashkil etiladigan kasbiy rivojlanish faoliyatlarini amalga oshirish maskani sifatida faoliyat yuritadi. Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun refleksiv amaliyot, inklyuziv ta’lim va hamkorlikda faol o‘rganishni kuchaytirish bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi. Shuningdek, modul (fan) dasturlarini baholash amaliyotlariga moslashtirish bo‘yicha materiallar hamda vositalar jamlanmasi taqdim etildi. Tadbirda Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Michael Houlgate, direktor o‘rinbosari Jamilya Gulyamova, shuningdek, Buyuk Britaniyaning NILE instituti direktori Thom Kiddle ishtirok etdi. Shuningdek, mazkur CPD Hub faoliyati institut hamkorligida Farg‘ona, Jizzax va Namangan shaharlarida ham yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilindi.
Tadbir o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, tajriba almashish, innovatsion yondashuvlarni kengaytirish hamda ta’lim sohasida barqaror professional hamjamiyatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.









