ISHONCH fondi tomonidan moliyalashtirilgan loyiha doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti va UNESCO hamkorligi davom etmoqda.
Bugun UNESCO eksperti, professor Katarina Popovich A. Avloniy nomidagi institutga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida “Kattalar ta’limida global ishtirokchilar — kattalar ta’limi konsepsiyalari va amalga oshirish mexanizmlari” mavzusida o‘tkazilgan ma'ruzada institut professor-o‘qituvchilari va master-trenerlar faol ishtirok etdi.
Tashrif doirasida yana bir qator muhim masalalar muhokama qilindi. Xususan, professor Katarina Popovich bilan A.Avloniy nomidagi institutning kattalar ta’limi yo‘nalishidagi o‘quv reja va dasturlari ko‘rib chiqildi hamda ushbu yo‘nalishni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, institut rahbariyati va xodimlari ishtirokida “Master-trener va mentorlar uchun kompetensiyalar ramkasi” muhokama qilinib, unga qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Mazkur uchrashuvlar institutda xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish, zamonaviy andragogika va ta’lim metodikalarini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.









