Ta‘limda baholash: Yaponiya tajribasi asosida trening tashkil etildi
Institutida xalqaro taʼlim eksperti, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakili Kenji Ohara ishtirokida Pedagogik mahorat markazlari o‘qituvchilari uchun navbatdagi seminar-trening o‘tkazildi.
Kenji Ohara Yaponiya ta‘lim tizimida baholashning o‘rni, uning o‘quvchilarning rivojlanishiga ta‘siri hamda samarali baholash orqali ta‘lim sifatini oshirish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarga to‘xtaldi.
Treningda ishtirokchilarga baholashning nafaqat nazorat vositasi, balki ta‘lim sifatini oshirishga xizmat qiluvchi muhim pedagogik instrument ekani atroflicha tushuntirildi.
Xususan, Yaponiya ta‘lim tizimida qo‘llanilayotgan ilg‘or baholash metodlari, o‘quvchilarning individual rivojlanishini kuzatish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yondashuvlar misolida amaliy tavsiyalar berildi.
Seminarda mashg‘ulotlar interaktiv shaklda tashkil etilib, ishtirokchilar kichik guruhlarda ishlash, muammoli vaziyatlarni tahlil qilish hamda o‘z amaliy tajribalarini boyitish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu esa treningning samaradorligini oshirib, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qildi.
Mazkur trening pedagoglarning baholash sohasidagi kompetensiyalarini rivojlantirish, ta‘lim jarayonida sifat va samaradorlikni ta‘minlash hamda xalqaro tajribalarni milliy amaliyotga joriy etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.



