Britaniya Kengashi hamda Buyuk Britaniya hukumati vakillari A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutiga tashrif buyurdilar
Delegatsiya Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Timothy Smart va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot vazirligining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Chrish Allanlardan iborat bo‘ldi.
Mehmonlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanish tizimini takomillashtirish, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari va hamkorlikdagi loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Tashrif Britaniya Kengashining Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Buyuk Britaniyadagi Norwich Institute for Language Education (NILE) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Accelerating English Language Learning in Central Asia (AELLCA)” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Mazkur loyiha ingliz tili o‘qituvchilarining uzluksiz kasbiy rivojlanish (UKR) tizimini yangi model asosida joriy etishga qaratilgan bo‘lib, 2023-yildan buyon respublikaning 218 ta umumta’lim maktablarida 32 nafar mahalliy konsultantlar hamda har bir maktabdagi UKR chempionlari ishtirokida muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda.
Tashrifning asosiy maqsadi — loyiha doirasida joriy etilayotgan Uzluksiz kasbiy rivojlanish (UKR) tizimining yangi modeli, uning amaliy natijalari hamda o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanish dasturlarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.









