AKT mutaxassislari uchun raqamli ta’lim muhitini boshqarish va rivojlantirish bo‘yicha trening boshlandi
YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda A.Avloniy nomidagi institut hamkorligida “Raqamli ta’lim muhitini boshqarish va rivojlantirish” mavzusida tashkil etilgan treningda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalarining raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Mazkur trening “O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish: yuqori sifatli va inklyuziv ta’lim natijalariga erishish uchun AKT va raqamli ta’limdan foydalanish” loyihasi doirasida o‘tkazilmoqda.
Treningning asosiy maqsadi ta’lim sifatini oshirish, raqamli ta’lim platformalaridan samarali foydalanishni ta’minlash, sinflarni boshqarishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish hamda maktablarda barqaror raqamli ta’lim muhitini shakllantirishdan iborat.
O‘quv dasturi davomida:
- Microsoft Intune platformasi orqali qurilmalarni boshqarish;
- xavfsizlikni ta’minlash;
- Critical Links C3-Classroom ta’lim platformasi imkoniyatlari;
- Ubiquiti UniFi tarmoq yechimlari;
- raqamli infratuzilmani monitoring qilish;
- ma’lumotlar xavfsizligi va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlar berilmoqda.
Shuningdek, trening doirasida xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida amaliy mashg‘ulotlar, tajriba almashish sessiyalari hamda maktablarda raqamli transformatsiyani kengaytirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Mazkur tashabbus ta’lim muassasalarida zamonaviy raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish, AKT mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirish hamda o‘quv jarayonining samaradorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.







