Bugun Koreya Respublikasi pedagog kadrlar malakasini oshirish institutlari rahbarlaridan iborat 23 kishilik delegatsiya Avloniy nomidagi institutiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mehmonlar bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda Koreya Respublikasi delegatsiyasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev, institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va xodimlari ishtirok etdilar.
Uchrashuvni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev kirish so‘zi bilan ochib berib, O‘zbekistonda ta’lim tizimini modernizatsiya qilishda xalqaro hamkorlikning o'rni, mamlakatimizda xorijiy tillarni o'rganishga bo'lgan e'tibor, xususan, koreys tilini o'qitish yo'nalishida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Shuningdek, Koreya Respublikasining ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalarini o‘rganish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Koreya Respublikasi Pedagog kadrlar malakasini oshirish institutlarini rivojlantirish milliy kengashi raisi Li Yong Chang so‘zga chiqib, Koreya ta’lim tizimida pedagoglarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar, innovatsion o‘qitish metodikalari hamda o‘zaro tajriba almashishning ahamiyati haqida fikr bildirdi.
Shuningdek, ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turgan institut rektori Abduvali Ismailov onlayn ishtirok etib, institut faoliyati, pedagog va rahbar kadrlarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda xalqaro hamkorlik istiqbollari haqida ma’lumot berdi va tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv davomida pedagog kadrlar malakasini oshirish, ta’lim sohasida tajriba almashish hamda o‘zaro hamkorlik yo'nalishlari yuzasidan muzokaralar olib borilib, kelgusidagi ishlar rejalashtirildi.









