KITOBXONLIK MADANIYATINI RIVOJLANTIRISH — DAVLAT SIYOSATINING MUHIM YO‘NALISHI
Yangi O‘zbekistonda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, mutolaani keng targ‘ib qilish hamda kitobni jamiyat hayotining ajralmas qismiga aylantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Bu borada aholining, ayniqsa, yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, mutolaa muhitini kengaytirish va intellektual salohiyatni yuksaltirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilinib, davlat organlari va tashkilotlarida "Kitob o‘qish soati"ni yo‘lga qo‘yish, "Kitob burchaklari"ni tashkil etish, tavsiya etiladigan adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirish hamda xodimlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.
❗️ Mazkur qaror ijrosi doirasida A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida "Kitob o‘qish soati" loyihasi yo‘lga qo‘yildi.
Loyiha doirasida institut professor-o‘qituvchilari va xodimlari uchun tavsiya etilgan kitoblar muntazam e'lon qilib boriladi. Kitoblar institutning Axborot-resurs markazi orqali foydalanish uchun taqdim etiladi.
Mutolaa yakunida o‘qilgan asarlar yuzasidan ochiq muloqot, fikr almashish va muhokamalar tashkil etiladi.



