Institut ilmiy jurnali xalqaro maydonga chiqish yo‘lida
Abdulla Avloniy nomidagi institutda rektor Abduvali Ismailov va masʼullar Yaponiyaning Naruto ta‘lim universiteti vitse-prezidenti, professor Ozawa Hiroaki hamda universitet professori Ishizaka Hiroki bilan amaliy uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda institutning “Maktab ta‘limi: muammolar, izlanishlar, yechimlar” ilmiy-nazariy va o‘quv-uslubiy jurnalini yanada takomillashtirish, uning xalqaro ilmiy nashrlar orasidagi nufuzini oshirish, xorijiy olimlar ishtirokini kengaytirish hamda xalqaro darajadagi ilmiy maqolalarni nashr etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Institut prorektori Sherzod Rajabov tomonidan “Maktab ta‘limi: muammolar, izlanishlar, yechimlar” ilmiy jurnalida yaponiyalik professorlarni tahrir hay‘ati faoliyatida ishtirok etishga taklif bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olinib, jurnalning ilmiy salohiyati va xalqaro nufuzini yuksaltirishga qaratilgan istiqbolli rejalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur uchrashuv taʼlim va pedagogika sohasida xalqaro tajribani o‘rganish, ilmiy muloqotni kuchaytirish hamda zamonaviy ilmiy yondashuvlarni amaliyotga joriy etish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro hamkorlik — ilmiy taraqqiyot, tajriba almashinuvi va yangi imkoniyatlar sari muhim qadam!
#XalqaroHamkorlik #IlmiyHamkorlik #Pedagogika #MaktabTalim #IlmiyNashr









