APOSTROF BILAN XAYRLASHUV

43 29.10.2026

Yangi alifbo va harflarimizning bir asrlik kechmishi haqida

Qo‘lingizga telefonni olib, “O‘zbekiston” deb yozib ko‘ring-a. E’tibor qilganmisiz, “O” harfini bosgach, barmog‘ingiz beixtiyor bir zum havoda muallaq qolib ketadi: xo‘sh, endi qaysi belgini tanlash kerak? Kimgadir apostrof ma’qul, kimdir yuqori vergulni qidiradi, yana birov klaviaturada ko‘ziga birinchi tashlangan oddiygina chiziqchani bosib ketaveradi. Oqibatda amaliyotda bittagina “o‘” yoki “g‘” harfining o‘ndan ortiq yozilish usuli urchib ketdi. Inson ko‘zi uchun bularning bari bir xil tuyulsa-da, kompyuter ularni mutlaqo boshqa-boshqa belgilar deb taniydi. Shu bitta mitti belgi qidiruv tizimlarini adashtiradi, bitta so‘zni topib, xuddi shunday yozilgan ikkinchisini ko‘rmay qoladi, dasturlar so‘zlarni qo‘qqisdan ikkiga bo‘lib yuboradi, tarjima jarayoni esa chigallashadi. Eng qizig‘i, o‘ttiz yil ichida bu holatga shunchalik ko‘nikib ketganmizki, ko‘pchiligimiz buni hatto muammo deb ham hisoblamay qo‘ygandik.

 

O‘ttiz yetti yillik ramziy sana

Nihoyat, joriy yilning 21-oktabrida bu yillar davomida shakllangan noqulay odatga chek qo‘yildi. Aynan O‘zbek tili bayrami kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonunni imzoladi. Bu sananing tanlanishida o‘ziga xos teran ma’no bor: roppa-rosa o‘ttiz yetti yil muqaddam, 1989-yilning aynan shu kunida tilimiz davlat tili maqomini olgan edi. Oradan shuncha vaqt o‘tib, o‘sha tarixiy kun yozuvimiz taqdirida ham yangi sahifa ochib berdi.

Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy o‘zining “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida: “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”, deya bejiz bong urmagan. Agar til haqiqatan ham millatning ruhi bo‘lsa, yozuv ana shu ruh egnidagi libosdir. Libos tor kelsa, u har qadamda o‘zini noqulay sezdiraveradi. O‘ttiz yildan beri kiyib kelayotgan lotin libosimizning ham, afsuski, shunday “qisib turadigan” joylari bor edi.

 

Nimalar o‘zgaradi o‘zi?

Yangi tahrirda o‘zgarishlar unchalik ko‘p emas, lekin ancha salmoqli va o‘rinli. Endilikda amaldagi 26 ta harf va 3 ta harf birikmasi o‘rnini 28 ta harf hamda bitta tutuq belgisi egallaydi. Asosiy yangilik shundaki, O‘ harfi Ö ga, G‘ harfi Ğ ga aylanadi, sh va ch birikmalari esa o‘z navbatida yaxlit Ş va Ç harflari bilan almashadi. Demak, endi “o‘qituvchi” — “öqituvçi”, “bog‘cha” — “boğça”, “shahar” esa “şahar” ko‘rinishida yoziladi.

Ammo xavotirga o‘rin yo‘q, tovushlarimiz o‘zgarmaydi: tilimiz qanday jaranglagan bo‘lsa, shundayligicha jaranglayveradi, faqat harflarimizgina “libos almashtiradi”. To‘g‘ri, “Ng” alifbodan alohida birikma sifatida chiqarib tashlandi, lekin “tong”, “ming”, “singil” kabi so‘zlar xuddi avvalgidek yozilaveradi. “Ma’no” yoki “ta’lim” kabi so‘zlardagi tutuq belgisiga ham tegilmadi, u o‘z joyida qoladi. Muxtasar aytganda, alifbomizdan butunlay badarg‘a qilinadigan yagona narsa — bu o‘ va g‘ harflari yoniga yopishib olgan o‘sha injiq teskari verguldir.

 

Bir asrlik bahslar

Aslida, bu harflarning qissasi kecha yoki bugun boshlanib qolgani yo‘q. Yozuvimiz bir asr ichida necha bor ko‘ylak almashtirganini yodga olsak, bugungi qaror uzoq yillik izlanishlarning davomi ekani oydinlashadi. O‘z vaqtida arab yozuvini o‘zbek tilining tabiatiga moslashtirish harakatini aynan jadid ma’rifatparvarlari boshlab berishgan. Ular 1921-yil yanvarida Toshkentda bo‘lib o‘tgan qurultoyda isloh qilingan imloni ishlab chiqib, qabul qildirishgan. Qizig‘i shundaki, o‘shanda ham lotin yozuviga o‘tish g‘oyasi o‘rtaga tashlangan, biroq bu fikr negadir ma’qullanmagan edi. Besh yil o‘tib, 1926-yili Bokuda yig‘ilgan Birinchi turkologiya qurultoyida turkiy xalqlarning lotin yozuviga o‘tishi haqida qaror qabul qilindi. 1929-yilning may oyida Samarqandda o‘tkazilgan imlo anjumanida esa lotin yozuviga asoslangan ilk o‘zbek alifbosi tasdiqlandi.

Biroq bu yo‘l osonlikcha bosib o‘tilmagan. Ziyolilar o‘rtasida unlilar soni bo‘yicha qattiq qizg‘in bahslar bo‘lgan: bir guruh tilimizda to‘qqizta unli borligini va bu yozuvda (singarmonizm) aks etishi kerakligini uqtirsa, boshqasi unlilar atigi oltita ekanini isbotlashga uringan. Aytgancha, “Ng” tovushiga alohida harf ajratish ham o‘sha bahslarning mevasi bo‘lgan. Ammo lotin harflarining bu galgi umri ham uzoqqa cho‘zilmadi: 1940-yili yozuvimiz kirill alifbosiga ko‘chirildi va yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida shu holatda qoldi.

 

Texnik qulaylik yo'lida

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng yozuv masalasi yana kun tartibiga ko‘tarildi. 1993-yilning 2-sentabrida lotin yozuviga asoslangan alifboni joriy etish to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Bugun ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilgan qiziq bir jihat bor: o‘sha dastlabki alifbomizda xuddi bugungidek Ö, Ğ, Ş, Ç, Ñ kabi harflar bo‘lgan! Lekin oradan atigi ikki yil o‘tib, 1995-yil 6-mayda alifbo qayta ko‘rib chiqildi va ularning o‘rniga o‘, g‘ harflari hamda sh, ch, ng birikmalari tiqishtirildi. O‘sha paytda bu yechim oddiygina texnik qulaylik izlash bilan izohlangan edi: diakritik belgili harflarni yozuv mashinkalarida ham, o‘sha davrning kompyuterlarida ham terish azob bo‘lgan. Taqdirning achchiq kinoyasini ko‘ringki, o‘ttiz yil o‘tib, hamma narsa smartfon va internetga bog‘langan zamonda, o‘sha paytdagi “qulay” yechim bugungi kunning eng ko‘p chalkashlik tug‘diradigan, muammoli joyiga aylanib qoldi. Buning orqasidan lotin yozuviga to‘liq o‘tish muddatlari ham necha martalab uzaytirildi.

Muammoni hamma ko‘rib turardi, biroq yechim topish oson bo‘lmadi. 2018-yildan beri alifbo masalasi qayta-qayta muhokamaga chiqaverdi. 2019-yil may oyida Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida tuzilgan ishchi guruh “muammoli” to‘rtta harfni isloh qilish va “ng”dan voz kechish taklifini berdi. 2021-yil mart oyida jamoatchilikka taqdim etilgan loyihada ham Ç, Ş, Ğ harflari o‘rin olgan edi. Keyingi yillarda yana bir necha variant o‘rtaga tashlandi, biroq birortasi qonun darajasiga yetib bormadi. Yaxshiyamki, shu orada til siyosatining o‘zi ham mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. 2019-yildagi Prezident farmoni bilan 21-oktabr O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilandi, 2020-yilda esa O‘zbek tilini 2020–2030-yillarda rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Nihoyat, bu yil davomida (7-iyulda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va 10-sentabrda Senat tomonidan) yangi tahrir ma’qullandi.

 

Pasportlar almashtiriladimi? Hujjatlar nima bo‘ladi?

Yangi alifbo haqida gap ketganda odamlarni qandaydir balandparvoz mavzular emas, eng avvalo, amaliy va maishiy savollar o‘ylantiradi. Ayniqsa: “Endi pasport, diplom yoki guvohnomalarni yugurib almashtirish kerakmi?” degan xavotir bor. Javob aniq: yo‘q. Qonun kuchga kirgunga qadar amaldagi alifboda rasmiylashtirilgan barcha hujjatlar bemalol o‘z kuchida qoladi. Milliy valyutamiz va qimmatli qog‘ozlar ham shunday. Davlat idoralarining peshlavhalari va ko‘cha ko‘rsatkichlari ham bir kunda yoppasiga almashtirib tashlanmaydi: ular yaroqsiz holga kelgach yoki belgilangan muddat yetgandagina yangilanadi. Qonunning o‘zi rasmiy e’lon qilinganidan keyin olti oy o‘tibgina kuchga kiradi. Vazirlar Mahkamasi esa ushbu jarayonlarni silliq o‘tkazish uchun ikki oy ichida uni amalga oshirish dasturini ishlab chiqadi.

Maktablarda ham asossiz shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yilmaydi, amaldagi darsliklar birdaniga almashtirilmaydi. Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, agar qonun 2027-yilda to‘laqonli kuchga kirsa, birinchi sinf darsliklarigina yangi alifboda chop etiladi. 2031-yilga qadar esa barcha darsliklar asta-sekin yangilanadi. Boshqacha aytganda, islohot xalqning yelkasiga og‘ir yuk bo‘lib tushmaydi, balki hayotimizga tabiiy va qulay yo‘l bilan kirib boradi.

 

Qardoshlar bilan birgalikda

Yangi harflarning yana bir ulkan ahamiyati bor. Ö, Ğ, Ş, Ç harflari qardosh turk va ozarbayjon yozuvlarida allaqachon faol qo‘llanib kelinmoqda. 2024-yilning sentabr oyida turkiy davlatlar olimlari 34 harfli umumturkiy alifbo bo‘yicha kelishib olishgani ham bejiz emas. Endilikda o‘zbek yozuvi qardosh xalqlar yozuviga yana bir katta qadam yaqinlashib, ularning kitob va matnlarini o‘qish, tushunish va ilmiy hamkorlik qilish jarayoni ancha yengillashadi. Qolaversa, bu harflar tayyor turk va ozarbayjon klaviaturalarida bor, ya’ni ularni bugundanoq texnikada bemalol terish mumkin.

 

Eng mas’uliyatli yuk — yana o‘qituvchilar zimmasida

Har qanday yozuv o‘zgarishining eng og‘ir yukini doimo o‘qituvchi o‘z yelkasida ko‘tarib kelgan. Qonun qog‘ozda bir kunda qabul qilinishi mumkin, ammo yangi harflar bolaning daftariga, o‘quvchining murg‘ak ongiga va pirovardida xalqning kundalik odatiga asosan sinf xonasi orqali kirib keladi. Yangi harfni bolaga birinchi bo‘lib aynan o‘qituvchi o‘rgatadi. Ota-onalarning xavotirga to‘la “Bu endi qanday yoziladi o‘zi?” degan savollariga ham avvalo u javob topishi kerak.

Bu vazifa, xususan, boshlang‘ich sinf ustozlari uchun juda mas’uliyatlidir. Savod o‘rgatish aslida tovushdan harfga qarab boriladigan mashaqqatli yo‘l: bola dastlab tovushni eshitadi, his qiladi, so‘ngra uning yozma shaklini ko‘z orqali taniydi. Eski alifbomizda shu mantiqiy yo‘lda ikkita yirik to‘siq bor edi. Birinchisi — sh va ch birikmalari. O‘qituvchi bechora bolaga nima uchun ikkita harf qo‘shilib bitta tovushni berishini har gal alohida tushuntirishga majbur bo‘lardi. Ikkinchisi — o‘ va g‘ harflaridagi teskari vergul bilan so‘z o‘rtasidagi tutuq belgisining bir-biriga egizakdek o‘xshashligi. Hali xat-savodga to‘liq tushunmagan yosh o‘quvchining bu ikki belgini tinimsiz adashtirib yuborishi juda tabiiy holat edi. Yangi tahrirning qulayligi shundaki, endi har bir tovushning to‘laqonli o‘z harfi bor. Demak, savod o‘rgatish jarayoni ham mantiqan soddalashib, ancha tushunarli bo‘ladi.

Albatta, o‘tish davri o‘qituvchidan o‘zgacha sabr va kasbiy mahorat talab qiladi. Darsliklar asta-sekin, bosqichma-bosqich yangilangani sababli, maktablarda bir muddat eski va yangi yozuvlar yonma-yon yashaydi. Deylik, bir sinfda yangi alifbodagi yaltiroq kitob o‘qilsa, qo‘shni sinfda hali amaldagi eski darslik turishi mumkin. Bunday nozik pallada o‘qituvchi ikki yozuv o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi: u o‘quvchisiga eskisini bexato o‘qishni ham, yangisida to‘g‘ri yozishni ham o‘rgatishi kerak bo‘ladi. Aslida, ko‘plab tajribali ustozlarimiz uchun bu unchalik ham yot manzara emas. Ular o‘z vaqtida kirill yozuvidan lotinga o‘tish zahmatlarini, so‘ngra 1995-yildagi tahrirni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishgan. Endi esa sharafli faoliyatlari davomida tilimizning yana bir tarixiy yangilanishiga jonli guvoh bo‘lishmoqda.

 

Yangi davr darsliklari va amaliy yordam

Ayni shu jarayonlarni yengillashtirish maqsadida hozirgi kunda Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida pedagoglarimiz uchun yangi alifboga doir qisqa videodarslar, maxsus bukletlar va rang-barang ko‘rgazmali materiallar qizg‘in tayyorlanmoqda. Bu videodarslarda tajribali va ko‘pni ko‘rgan mutaxassislar yangi harflarning to‘g‘ri yozilishini, ularning so‘z ichida qanday qo‘llanishini va, eng asosiysi, ko‘p yo‘l qo‘yiladigan xatolarni oddiy va tushunarli misollar yordamida ko‘rsatib berishadi. Maxsus tayyorlangan bukletlar institut kutubxonasidan joy oladi. Ular orqasiga tushirilgan QR-kodlar orqali esa ustozlarimiz yangi alifbo haqidagi eng so‘nggi, rasmiy ma’lumotlarga bir zumda ulanishlari mumkin bo‘ladi. Qolaversa, institut yo‘laklaridagi monitorlarda yangi harflarni o‘rgatuvchi yengil roliklar tinimsiz namoyish etilIB, metodist va pedagoglar ishtirokida maxsus intervyular, radioeshittirishlar hozirlanmoqda. Bularning barchasidan ko‘zlangan bitta ezgu maqsad bor — institutimizga malaka oshirish uchun qadam ranjida qilgan har bir muallim bu yangi bilimlarni, shu ziyo va ishonchni o‘z qishlog‘iga, o‘z maktabiga yetkazib borsin.

 

Tarbiya — yo hayot, yo mamot masalasi

Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy o‘z davrida yangi usul (jadid) maktablariga asos solib, bolajonlar uchun maxsus “Birinchi muallim” nomli alifbo kitobini bejiz yaratmagan edilar. U zot ham savodni bolaga eng qulay, eng tushunarli va ravon usulda o‘rgatishga butun umrini tikkan. “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida esa shunday o‘lmas satrlarni yozib qoldirganlar: “Al-hosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur”. Bu hayotiy hikmat bugun, oradan yuz yil o‘tib ham o‘z kuchini zarracha yo‘qotgani yo‘q. Zotan, murg‘ak bola harfni tanir ekan, har bir belgi bilan qo‘shib o‘z ona tiliga bo‘lgan ilk mehrni ham qalbiga tugib boradi. Bu ilohiy mehrni esa unga, eng avvalo, o‘zining jonkuyar o‘qituvchisi singdiradi. Bugun yurtimiz ta’limida qilinayotgan ushbu ishlarni o‘sha qutlug‘ jadidlik an’anasining bugungi kundagi munosib va uzviy davomi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

Xulosa o‘rnida

Xulosa qilib aytganda, bundan o‘ttiz bir yil muqaddam chetga surib qo‘yilgan o‘sha chiroyli, teran va ma’nodor harflarimiz bugun alifbomizga g‘olibona, munosib ravishda qaytmoqda. Va bu safar ular qandaydir texnikaning cheklangan, ojiz imkoniyatlari bilan emas, balki tilimizning o‘z ichki qonuniyatlari, tabiatining qat’iy talabi asosida — “bir tovushga bir harf” tamoyili bilan adolatli tanlandi.

Bir asr mobaynida yozuvimiz bosib o‘tgan bu murakkab yo‘l bizga juda muhim bir haqiqatni o‘rgatadi. E’tibor bersak, bu uzoq karvonda jadidlarimiz isloh qilgan arab imlosi ham, 1929-yilgi o‘sha mashhur ilk lotin alifbosi ham, 1940-yillardan singdirilgan kirill yozuvi ham va nihoyat mustaqillik yillarining yutuqli-kamchilikli lotin alifbosi ham yotibdi. Bugungi kunga kelib anglagan bosh haqiqatimiz shuki: yozuv shunchaki hukumatning qarori yoki quruq qonun bilangina emas, balki xalq uni sidqidildan qabul qilgandagina chinakamiga hayotga ko‘chadi va yashay boshlaydi. Quvonarlisi, bu safargi islohot hech kimni ortiqcha shoshirmaydi, sarosimaga solmaydi: hujjatlarimiz o‘z kuchida bemalol qolaveradi, darsliklar shoshma-shosharliksiz, asta-sekin va mukammal yangilanib boradi. Demakki, endi yangi yozuvni qandaydir og‘ir majburiyat deb emas, balki hayotimizning yangi, qulay va tabiiy bir odati sifatida qabul qilishimiz uchun barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilgan.

Yangi yozuvga o‘rganish, unga ko‘nikish uchun hammamizda vaqt yetarli. Endi barcha gap faqat va faqat o‘zimizda qoldi: maktabda o‘qiydimi, oila davrasidami yoki ishxonadami — har kim bu yangi harflarni bilishga, ularni kundalik hayotida bexato va to‘g‘ri qo‘llashga o‘zini o‘rgatib borishi lozim. Avloniy ta’biri bilan yana bir bor takrorlasak, til bu millatning “oyinai hayoti” (hayot oynasi) ekan, mana shu ko‘zguni doimo toza va tiniq holda saqlash har birimizning vijdoniy burchimizdir. Eng muhimi va tasallilisi shuki, ertaga ulg‘aygan farzandlarimiz o‘z ona tilida chiroyli xat yozayotganda, barmog‘i havoda muallaq qolib, qayerdagi bir apostrofni izlashdek azobdan mangu qutulishdi.

 

Abbosbek MO‘MINOV

A.Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti

yetakchi mutaxassisi

2025-yil

Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili

flag
Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda
Powered by GSpeech