Ekstremizmga qarshi kurashish qonunchiligi yangilandi: nimalar o‘zgardi?
Davlatimiz rahbari 2026-yil 2-noyabrda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1185-son Qonunni imzoladi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2026-yil 28-aprelda qabul qilingan, Senat tomonidan 8-avgustda ma’qullangan. U 3-noyabrda Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida rasmiy e’lon qilinib, shu kundan kuchga kirdi. Hujjat bilan Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, shuningdek to‘qqizta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ular orasida “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi va “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunlar ham bor.
Qonun nega qabul qilindi?
Qonunning kirish qismida aytilishicha, zo‘ravonlik va radikal qarashlar targ‘ibotiga qarshi kurashni takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan. Bundan maqsad milliy o‘zlikni, madaniy-ma’rifiy va oilaviy qadriyatlarni asrash hamda konstitutsiyaviy tuzum asoslarini muhofaza qilishdir. Hujjat mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga, bu sohadagi ishlar samaradorligini oshirishga hamda xalqaro normalar va standartlarni milliy qonunchilikka joriy etishga xizmat qiladi.
Yangi qonun bir tomondan javobgarlikni aniqlashtiradi, ikkinchi tomondan esa ilk bor adashgan va xatosini anglagan insonga qaytish yo‘lini ochiq qoldiradi. “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning prinsiplari qatoriga “ekstremizmning oldini olishga doir chora-tadbirlarning ustuvorligi” qo‘shilgani ham buni ko‘rsatadi. Endi asosiy e’tibor illatning oldini olishga qaratiladi.
“Ekstremizm” tushunchasi aniq ta’rifga ega bo‘ldi
Avval bu tushuncha bitta umumiy jumla bilan izohlangan edi. Endi “ekstremizm (ekstremistik faoliyat)” tarkibiga qaysi harakatlar kirishi birma-bir sanab o‘tildi:
- konstitutsiyaviy tuzum asoslarini zo‘rlik bilan o‘zgartirish, hududiy yaxlitlik va suverenitetni buzish, qonuniy saylangan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini zo‘rlik bilan chetlatish;
- hokimiyat vakolatlarini egallash yoki o‘zlashtirish;
- qonunga xilof qurolli tuzilmalar tuzish yoki ularda ishtirok etish;
- terrorchilik faoliyatiga oshkora da’vat qilish;
- zo‘rlik ishlatish yoki unga da’vat qilish bilan bog‘liq holda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish;
- jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallarni, ekstremistik tashkilotlarning atributlari va ramziy belgilarini tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish;
- biror ijtimoiy guruhga nisbatan adovat yoki dushmanlik sababli ommaviy tartibsizliklar uyushtirish;
- fuqarolarning milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab ularning ustunligini yoxud nuqsonli ekanligini targ‘ib qilish.
Yangi tahrirda “ekstremistik guruh”, “ekstremistik material”, “ekstremistik tashkilot”, “ekstremizmni moliyalashtirish” va “ekstremizmga oid jinoyatlar” tushunchalari ham aniq belgilandi. Ekstremistik guruh deganda oldindan til biriktirgan ikki yoki undan ortiq shaxs tushuniladi. Endi sud qarori bilan nafaqat tashkilot, balki norasmiy tuzilma ham ekstremistik deb topilishi mumkin.
Qonunchilikdagi atamalar ham bir xillashtirildi. Jinoyat kodeksida, shuningdek axborot erkinligi, axborotlashtirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunlarda “diniy ekstremizm” iborasi “ekstremizm” bilan almashtirildi. “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi va “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlardan esa “diniy” so‘zi chiqarib tashlandi. Natijada ekstremizm biror din bilan bog‘lanmaydi, zo‘ravonlikka undovchi har qanday g‘oya bir xil mezon bilan baholanadi.
Birinchi qilmish uchun ma’muriy, takrorlansa jinoiy javobgarlik
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 184⁵-modda qo‘shildi. U “Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash” deb nomlanadi. Moddaga ko‘ra, quyidagi qilmishlar ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanadi:
- ekstremizm, separatizm yoki aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da’vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish maqsadida saqlash;
- ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarining atributlari yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash, saqlash.
Buning uchun huquqbuzarlik ashyosi musodara qilinadi. Bundan tashqari, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha (22–44 mln so‘m), mansabdor shaxslarga 100 baravaridan 150 baravarigacha (44–66 mln so‘m) jarima solinadi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq qo‘llaniladi. (uza)
Jinoyat kodeksining 244¹-moddasiga ko‘ra, shu qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik endi ular ma’muriy jazodan keyin takroran sodir etilgandagina boshlanadi. Biroq bu tartib faqat tayyorlash va saqlashga tegishli. Bunday materiallarni har qanday shaklda tarqatish, tashkilotlarning atributlari va ramziy belgilarini tarqatish yoki namoyish etish esa birinchi marta sodir etilganda ham jinoyat hisoblanadi.
Moddaga yangi qism qo‘shildi. Bunday materiallarni saqlash, tarqatish yoki namoyish etishda ishtirok etgan shaxs hokimiyat organlariga o‘z vaqtida xabar bersa yoki og‘ir oqibatlarning oldini olishga faol ko‘maklashsa, javobgarlikdan ozod etiladi. Buning sharti shuki, uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi bo‘lmasligi kerak.
Jinoyat kodeksining 244²-moddasida tashkilotda ishtirok etish va unga rahbarlik qilish endi alohida qismlarda belgilandi. Ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarda ishtirok etish besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bunday tashkilotlarni tuzish yoki ularga rahbarlik qilish uchun jazo o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Hamma uchun ochiq elektron reyestr
Adliya vazirligi ekstremistik tashkilotlar va materiallar (manbalar)ning elektron reyestrini yuritadi. Reyestr vazirlikning rasmiy veb-saytida hamma uchun ochiq bo‘ladi. Unga quyidagilar kiritiladi:
- faoliyati ekstremizmga aloqadorligi sababli to‘xtatib turilgan tashkilotlar;
- ekstremistik deb topilgan tashkilotlar va materiallar;
- bir yil mobaynida ikki va undan ortiq marta ekstremistik material joylashtirilgan internet manbalari.
Qaror qabul qilingan kundan e’tiboran ma’lumot o‘n kun ichida reyestrga kiritiladi. Reyestr yangilangani bir kun ichida ommaviy axborot vositalari va internetda e’lon qilinadi. Qaror bekor qilinsa, ma’lumot reyestrdan chiqariladi.
Material yoki tashkilotni ekstremistik deb topish masalasini Oliy sud hal qiladi. Bunga oid arizani ekspertiza xulosasi asosida Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosari kiritadi. Sud qarori darhol ijro etiladi. Unga yetmish ikki soat ichida shikoyat qilish mumkin, ammo shikoyat ijroni to‘xtatmaydi. Ekstremistik materiallar davlat organlarining tekshiruvlari va internet monitoringi orqali aniqlanadi, fuqarolar va tashkilotlarning murojaatlari ham o‘rganiladi. Bunday materialni olib tashlash imkoni bo‘lmasa, undan foydalanish cheklanadi va bunday manbalarni qo‘llab-quvvatlash taqiqlanadi.
Ochiq reyestr orqali har bir fuqaro qaysi manba taqiqlanganini oldindan bilib olishi mumkin. Bu bilmagan holda qonunbuzarlikka aralashib qolmaslikka yordam beradi.
Sudlanganlar uchun cheklovlar
Ekstremizmga oid jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslarga quyidagi cheklovlar qo‘yiladi:
- ma’rifiy faoliyat, psixologik yordam ko‘rsatish va jurnalistlik faoliyati bilan shug‘ullana olmaydi;
- ommaviy axborot vositasining muassisi bo‘la olmaydi;
- ularga ommaviy tadbir o‘tkazish uchun ruxsatnoma berilmaydi.
Bu cheklovlar sudlanganlik holati tugallanguniga yoki olib tashlanguniga qadar amal qiladi. Oqlov hukmi chiqarilsa, ular muddatidan oldin bekor qilinadi.
Shunga muvofiq “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning ma’rifiy faoliyatga oid 14¹-moddasiga ham o‘zgartirish kiritildi. Endi ekstremizmga oid jinoyat uchun sudlanganligi tugallanmagan shaxslar ham ma’rifiy faoliyat bilan shug‘ullana olmaydi. Bu cheklovlar yoshlar va keng jamoatchilik ongiga bevosita ta’sir qiladigan sohalarni yot g‘oyalardan himoya qilishga qaratilgan. (nqaae)
Xabar berganlar himoya qilinadi, adashganlarga qaytish yo‘li ochiladi
Ekstremistik faoliyat haqida xabar bergan shaxslar davlat himoyasida bo‘ladi. Ular va oila a’zolari “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan xavfsizlik choralaridan foydalanishga haqli. Bunday fuqarolarni huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi hamda hududiy komissiyalar rag‘batlantirishi mumkin. Rag‘batlantirish tartibini Vazirlar Mahkamasi uch oy ichida belgilaydi.
Qonun jazoni o‘tayotgan va o‘tab bo‘lgan shaxslarni jamiyatga qaytarishga ham alohida e’tibor qaratgan. Ijtimoiy moslashtirish deganda ularga ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish tushuniladi. Shuningdek, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi va ishga joylashishiga ko‘maklashiladi. Maqsad ularni jamiyatning to‘laqonli a’zosiga aylantirish. Jazoni o‘tash davrida shaxs individual ijtimoiy-psixologik dasturlar orqali ekstremistik qarashlardan qaytariladi. Ozodlikka chiqqanidan keyin bu ishni reabilitatsiya va ijtimoiy moslashtirish markazlari davom ettiradi: individual dastur asosida, ko‘pi bilan bir yil. Bu tartibni ham Vazirlar Mahkamasi uch oy ichida belgilaydi.
Ma’rifat – eng ishonchli qalqon
Yangi qonunda ma’rifat va tarbiyaga katta o‘rin berilgan. Davlat xavfsizlik xizmati boshqa davlat organlari bilan hamkorlikda ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish dasturini ishlab chiqadi, uni Prezident tasdiqlaydi. Dasturda quyidagilar ko‘zda tutilgan:
- internetdagi ekstremizmga qarshi samarali tizim yaratish;
- yoshlarni turli milliy madaniyatlar va dinlarga nisbatan bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash;
- aholiga ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikning mazmun-mohiyatini tushuntirish.
Bu sohadagi ilmiy tadqiqotlar ham davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Vakolatli organlar ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim tashkilotlariga zarur statistik ma’lumotlarni taqdim etadi. Tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etishda ular bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘z vakolati doirasida bu ishlarga ko‘maklashishi shart.
Yot g‘oyaga eng ta’sirchan javob sog‘lom fikrlaydigan, keng dunyoqarashli va mustaqil mushohada qila oladigan yoshlardir. Bunday yoshlarni tarbiyalashda o‘qituvchining o‘rni beqiyos. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 2018-yil 12-dekabrda “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qilgani ham bejiz emas. (uza)
Institutimiz nomini olgan Abdulla Avloniy bundan bir asrdan ko‘proq vaqt oldin “Turkiy Guliston yoxud axloq” asarida “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” deb yozgan edi. Bu so‘zlar bugun ham ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Shu bois institutimizda qonunning mazmun-mohiyatini professor-o‘qituvchilar, xodimlar va malaka oshirish kurslari tinglovchilariga tushuntirish bo‘yicha tizimli targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Pedagoglar bu bilimlarni o‘z ta’lim muassasalarida o‘quvchilar bilan bo‘lishsa, foydasi katta bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlarda mazmuni shubhali video, audio yoki matnni ulashishdan oldin uning manbasiga e’tibor berish, zarur bo‘lsa reyestrni tekshirib ko‘rish har birimiz uchun odat bo‘lishi kerak.
Qonunning to‘liq matni Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida: https://lex.uz/docs/8569942
