Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga yangi metodikani o‘rgatish kaskad usulida davom etadi
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boshchiligida A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan Ilg‘or tajribalar asosida yaratilgan darsliklarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslarini kaskad usulida tashkil etishga qaratilgan video muloqot o‘tkazildi.
Onlayn uchrashuvda Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi maktab taʼlimi masʼullari, pedagog-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2023-yil 15-maydagi 125-son buyrug‘i 6-bandiga muvofiq, A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti, hududiy pedagogika markazlari tomonidan ishlab chiqilgan qisqa muddatli o‘quv kurslari dasturi asosida 1-sinflarda “Informatika va axborot texnologiyalari” fanini o‘qitadigan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Bunda:
Joriy yilning 24-avgustidan boshlab, Toshkent shahridagi o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan 304 nafar trenerni jalb qilgan holda kaskad usulida o‘quvlarni tashkil etish;
1-qadam sifatida boshlang‘ich taʼlim bo‘yicha maktab metodik birlashmasi rahbarlariga;
2-qadam sifatida metodik birlashmasi rahbarlari salohiyatidan foydalangan holda barcha boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga yangi darsliklardan foydalanishni o‘rgatish ko‘zda tutilgan.