Estoniya davlatining Tallinn shahrida tashkil etilgan xalqaro STEAM konferensiyasi tavsilotlari
A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tashabbusi va yordamida Qashqadaryo viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazining STEAM fani bo‘yicha mutaxassislari Eshdavlatov Farrux va Mamatov Bekzod Estoniya davlatining Tallinn shahrida tashkil etilgan xalqaro STEAM konferensiyasida ishtirok etdi.
Mazkur xalqaro konferensiyada ishtirok etishdan maqsad, O‘zbekistondagi axborot texnologiyalari va kompyuter ko‘nikmalarini hozirgi holati va dars o‘tish jarayonlari bilan tanishtirish hamda xorijiy tajribalarni almashishdan iborat.
Konferensiyada mutaxassislarimiz Informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishida o‘z taqdimotlari bilan chiqish qildilar. Ushbu xalqaro konferensiyada dunyoning turli davlatlaridan bir qancha delegatsiyalar qatnashdi va o‘zaro fikr almashib, STEAM bo‘yicha debatlar tashkil etildi.
Safar so‘ngida mutaxassislarimiz Estoniyaning maktab taʼlimi, davlat strukturasi, madaniyati va qadriyatlari bilan tanishdilar. Hamkorlar Estoniyada STEAM fanining qanchalik rivojlanganligi bo‘yicha yurtdoshlarimizga maʼlumot berib o‘tdi.
Maʼlumot uchun:
Estoniyada bugungi taʼlim umumiy, kasbiy va sevimli mashg‘ulotlariga bo‘lingan. Taʼlim tizimi maktabgacha, asosiy, o‘rta va oliy taʼlimni o‘z ichiga olgan to‘rt bosqichga asoslanadi. Maktablar va yordamchi taʼlim muassasalarining keng tarmog‘i tashkil etilgan. Estoniya taʼlim tizimi davlat, munitsipal va xususiy taʼlim muassasalaridan iborat. Hozirda Estoniyada 589 ta maktab mavjud. Maktablarda 12 yillik bosqichlar tashkil etilgan va maktab tizimini boshqarish uchun bitta direktor hamda 4 ta o‘rinbosar mavjud. Maktablarda o‘rtacha 800 – 1000 tagacha o‘quvchilar mavjud. Dars mashg‘ulotlari faqat 1 smena tashkil etilgan ammo, kun davomida dars mashg‘ulotlari uzoq muddat davom etar ekan. Maktab ertalab soat 9:00 da boshlanib, tushlikdan so‘ng 15:00 yoki 16:00 lar atrofida tugaydi.