“Ishonch” gazetasida chop etilgan achinarli “savdolashish” maqolasiga RASMIY MUNOSABAT

193 02.03.2023

“Haftalik malaka oshirish qanchaga tushmoqda”…

 

“Ishonch” gazetasida chop etilgan achinarli “savdolashish” maqolasiga

RASMIY MUNOSABAT

Institut tomonidan ishlab chiqilgan, xalqaro taʼlim ekspertlari tomonidan ijobiy baholangan bu platformada 36 soatlik malaka oshirish bir haftada emas, balki yil davomida etib belgilangan. Yaʼni, o‘qituvchiga istagan vaqtda istagan joyidan istagi va vaqtiga qarab malaka oshirish imkoniyati yaratilgan. Bu vaqt ichida o‘z ustida ishlashni, izlanishni maqsad qilgan o‘qituvchi bemalol har qanday muammosiga yechim topib, malaka oshirish mumkin.

Avvalo, yangi tizim joriy etilgandan so‘ng, platformani ishlab chiqish jarayonida 60 mingga yaqin pedagoglar tajriba sinovidan o‘tkazildi. Yaʼni, tizim hozirda faoliyat yuritayotgan pedagoglar salohiyatiga mos ravishda ishga tushirildi. Ikkinchi bosqichda, tizimni to‘liq ishga tushirishdan oldin 14 nafar masʼul xodimlardan tashkil topgan ishchi guruh Respublikamizning barcha hududlarida pedagog-o‘qituvchilar uchun platformada ishlash bo‘yicha seminar treninglar olib bordi. Bunda 40 ming nafardan ortiq pedagog xodimlar va AKTga masʼul xodimlar qamrab olindi. Bu bilan albatta barcha auditoriyaga platformadan foydalanishni tushuntirish oxiriga yetkazilmadi.

Keyingi bosqichda esa shunday yondashuv qilindiki, barcha pedagog xodimlarga yordam berish maqsadida institutning 24/7 rejimida faoliyat yuritadigan http://t.me/joinchat/UthvxcGuRTIyMjZi telegram chati ishga tushirildi. Bu chatda platforma bo‘yicha tayyorlangan trenerlar maxsus grafik asosida pedagoglarning barcha savollariga javob berib, yordam ko‘rsatishmoqda.

Tizim ishga tushirilgan so‘ng bu telegram chatda bir yil davomida 250 mingga yaqin pedagog xodimlarga platformadan foydalanish bo‘yicha yordam ko‘rsatildi, savollariga javob berilib, muammolari yechildi. Telegram chatimizning statistikasiga ko‘ra, bugungi kunga qadar mazkur chat orqali 783 ming marotaba xabar almashilgan. Undan tashqari telagram chat orqali yil davomida har kun soat 17-00 dan boshlab, to murojaatlar yakuniga yetkunga (baʼzan tungi 12-00) qadar jonli video muloqotlar olib borilib, bunda ham ko‘plab ustozlarning savollariga javob berilmoqda hamda platformadagi imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha tushunchalar berilmoqda. Bu video muloqot ayni kunlarda ham tashkil etilmoqda.

Butun auditoriyani qamrab olish maqsadida platformadan foydalanishni pedagog xodimlarga tushuntirish uchun navbatdagi, yaʼni to‘rtinchi bosqich amalga oshirildi. Bunda platformada ro‘yxatdan o‘tib, to sertifikat olishgacha bo‘lgan jarayon platformani o‘zidan ko‘rsatib, video yo‘riqnomalar ishlab chiqildi va telegramda maxsus kanalga (https://t.me/video_yoriqnoma), institutning rasmiy telegram kanali https://t.me/avloniyuz ga hamda platformadagi “Videoyo‘riqnomalar” rukniga joylashtirildi. Bugunga qadar mazkur yo‘riqnomalarning jami ko‘rishlar soni 954 000 marotabaga yetgan.

Yuqoridagi to‘rt bosqich orqali pedagog xodimlarga platformadan foydalanish borasidagi bilim va ko‘nikmalar berildi. Buning natijasida 2022-yil sarhisobiga ko‘ra, platforma orqali 490000 pedagog xodimlar (96,6%) pedagog xodimlar malakasi oshirildi.

Taʼkidlash joizki, platformadan boshqa tizim xodimlari, yaʼni tasarrufida umumtaʼlim maktablar bor vazirlik va tashkilotlar, jumladan Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi 8 ta maktab, Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi 40 ta maktab, Badiiy akademiya huzuridagi 16 ta maktab va 45 ta nodavlat umumtaʼlim maktablarining jami 2000 ga pedagog o‘qituvchilari malakasi oshirildi.

Afsuski, tizim orqali aniqlangan kamchiliklar yo‘q emas, yaʼni pedagog ustozlar orasida nafaqat AKT savodxonligi qoniqarsiz holat balki, mustaqil taʼlim olish ko‘nikmasi sustligi ham maʼlum bo‘ldi. 2022-yilning so‘ngi ikki oyida yil davomida malaka oshirmagan, vaqtni to‘g‘ri taqsimlamagan pedagog ustozlarning yoppasiga platformadan foydalanishi tizimga ortiqcha og‘irlik tushishiga sabab bo‘ldi.

20-25 yil davomidagi davriylikka asoslangan malaka oshirish tizimida qo‘yilgan talablar, malaka ishi himoyasi va test imtihonlari o‘qituvchilarda o‘ziga bo‘lgan ishonchni so‘ndirgan. Yaʼni, ularni imtihondan o‘zi o‘tolmaslik tushunchalari qiynab, malaka oshirishni og‘ir majburiy holat sifatida o‘tab kelishgan. Shu kabi o‘qituvchilar, AKT savodxonligi sust o‘qituvchilar va ayrim chekka hududlarda internet bilan bog‘liq muammolar mavjudligi paltformada o‘qigan auditoriyaning 4% i (tizimda buni aniqlash imkoniyati yaratilgan) o‘zlari tashabbus bilan chiqqan “tadbirkorlar” orqali malaka oshirgani maʼlum bo‘ldi. Vaholanki, platformada o‘qish majburiy emas hamda tizimda “yiqitadigan” imtihonlar yo‘q.

Afsuski, "guruch kurmaksiz" bo‘lmaganidek, so‘nggi vaqtlarda pedagog ustoz, degan ulug‘ nomni bulg‘ayotganlar ham yo‘q emasligiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Haqiqiy va haqqoniy o‘qituvchi bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilgan minglab ustozlarimizdan uzr so‘ragan holda, shuni maʼlum qilamizki, o‘qituvchi o‘z ustida ishlashi uchun uch xil shaklda, yaʼni, ishdan ajralgan holda (anʼanaviy), ishdan ajralmagan holda (platforma orqali mustaqil ravishda), muqobil malaka oshirish shakli orqali hamda tarixda ilk bor nodavlat taʼlim muassasalari va OTMlar ham malaka oshirish xizmatini ko‘rsatishni boshladi.

A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutining mehnatini obro‘sizlantirayotgan bunday xabarlar fonida har qanday sharoitda ham o‘z ustida ishlashni, zamonaviy pedagogikani o‘rganishni emas, osonlikcha moddiy mablag‘ topishni ko‘zlayotgan, boshqacha qilib aytganda xalqiga xiyonat qilayotgan ayrim kimsalar borligi achinarli.

Xo‘sh, bu bo‘yicha institut tomonidan qanday yechim qilindi?

Tizim orqali bu “savdogar”lar va ularga qiziqish bildirayotgan pedagoglar shaxsini aniqlash, ularga manzilli chora ko‘rish imkoni bor edi. Lekin, tizim yangi ishga tushirilgani, 25 yillik davriylikka asoslangan tizim birdaniga uzuluksizlikka transformatsiya qilinganligini tahlil qilgan holda keyingi yilga texnologik yechim qilish rejalashtirildi. Joriy 2023-yildan platformada yangi funksiya ishga tushirildi. Endilikda tizimdan foydalanayotgan pedagoglar kuchli texnologik nazorat qilinadi. Yaʼni, qurilmadan o‘ziga tegishli bo‘lmagan boshqa shaxsning akkauntiga kirishga urinishlar avvalo, platformadan bir yilga bloklanadi va belgilangan qonun, jinoyat kodeksining 228 moddasiga muvofiq chora ko‘riladi. Hozirda bloklanayotgan, qora ro‘yxatga tushgan qurilmalar (telefon, kompyuter), akkauntlar, shaxslar ro‘yxati shakllantirilgan va ogohlontirilgan. Bundan tashqari Google kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan analitik tahlilga ko‘ra, jami ro‘yxatdan o‘tgan 570000 dan ortiq foydalanuvchilarning 71% idan ortig‘i mobil qurilmasidan, 29 % i shaxsiy kompyuterdan va 0.5%i planshetlardan foydalanayotganligini ko‘rish mumkin. Yuqoridagi korrupsion holatga yechimda esa foydalanuvchining qurilmasi qanday bo‘lishidan qatʼiy nazar barchasini nazorat qilish imkoniyati mavjudligi maʼlum qilamiz. 

Shuningdek, telegram orqali reklama berayotgan “tadbirkorlar” faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida kanallar va guruhlar adminlariga ham faoliyati nazorat ostiga olingani hamda bu kabi holatlarda tegishli huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilinishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Bundan tashqari, platformada videolarni ko‘rmasdan o‘tkazib yuborish dasturiga ham cheklovlar o‘rnatildi. Ilgari birovning o‘rniga malaka oshirgan ustozlar mavzuga oid video­darslarni ko‘rmasdan o‘tkazib yuborgan bo‘lsalar, endilikda, buning iloji yo‘q. Avvaliga videoni ko‘radi va lavhaning yarmiga yetganda random shaklda beriladigan test savollariga to‘g‘ri javob bersagina, videoning ikkinchi qismi ochiladi. To‘g‘ri javob berilmasa, inson omilisiz avtomatik tarzda yana qaytadan ko‘rib chiqish uchun ochiladi. Bu vaqt o‘g‘irlash emas, aksincha platformada malaka oshirib sertifikat olayotgan foydalanuvchining kontentni to‘liq o‘zlashtirishini taʼminlashdir. Ayni kunda ko‘rishlar davomiyligi 114% ga ko‘payganini ko‘rish mumkin. Bu kabilar malaka oshirishdagi korrupsion holatlarning oldini olishda, albatta, o‘z samarasini beradi.

Shu o‘rinda tizimga kiritish ko‘zda tutilayotgan yana bir muhim yangilikka to‘xtalamiz yaʼni, internet muammosi bor chekka hududlardagi pedagog ustozlarga qulaylik yaratish maqsadida platformaning mobil ilovasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Barchasi faqat vijdon, saviya, dunyoqarash va shaxsiy tanlovga qoldirilgan. Jamiyatda taʼlim olish madaniyati bo‘lmasa, biz uni shakllantirish uchun bor kuchimizni sarflayapmiz. “Uzluksiz taʼlim” platformasida mobil, noutbuk orqali ro‘yxatdan o‘tgan, malaka oshirayotgan o‘qituvchilarning IP manzili, ism-sharifi, ish joyi maʼlum bo‘lib, foydalanuvchi necha marotaba urinish qilgani, bir kunda saytda o‘tirgan soat va vaqtlari, bir qurilmadan nechta odam nomidan platformaga kirilganligi haqida institut tomonidan maʼlumot to‘plangan. Platforma ishga tushgach, qing‘ir yo‘llar qidirayotganlar necha foizni tashkil qilayotgani ilmiy tomondan ham o‘rganilgan va unga qarshi tezkor dasturlar ishlab chiqilgan. Mavzular va kurslar oralig‘idagi uzilish soatlari platformani ayrim shovvozlar tomonidan “bozor” qilinishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Hurmatli pedagoglarimizdan turli firibgar kanallar reklamasiga uchmaslikni va boshqa fidoyi o‘qituvchilar obro‘sini to‘kmasligingizni iltimos qilamiz.

Maqsadimiz sohaga malakali mutaxassislarni tayyorlash va maktab taʼlimi sifatini haqiqatdan ham ko‘tarishdir.

Agarda, platforma bilan bog‘liq savollaringiz bo‘lsa, 24/7 formatida ishlaydigan rasmiy telegram guruhimizga aʼzo bo‘lib, bizga murojaatingizni yuboring????https://t.me/+dcbeoS6DQvhmOTU6

A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti mamlakat taʼlimini yaxshilash maqsadida barcha harakat va imkoniyatlarini ishga solishga tayyor. Institut barcha OAV vakillarini tizim bilan batafsil tanishtirishga doim ochiqligini maʼlum qiladi.

 

Hurmat bilan,

A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti

2024-yil

Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili

flag
Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda Sayt test rejimida ishlamoqda
Powered by GSpeech