Tinchlik va xavfsizlik masalasi yangi davr siyosatining bosh mezoni bo‘lmog‘i lozim
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 20-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etar ekan, 2022-yil g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘lganini taʼkidladi. Taraqqiyotga faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishilishi lozimligi taʼkidlar ekan, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar bilan birga, dunyo va mamlakatimiz oldida turgan muammolarga ham eʼtibor qaratildi.
Murojaatnomaning lingvistik tahlilliga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, Shavkat Mirziyoyev nutqida 6502 ta so‘z ishlatgan. Shundan eng uzun so‘zlar 15 harf bo‘lib, o‘rtacha bitta so‘z 7 harfdan iborat edi. Ushbu so‘zlar biz uchun bebaho neʼmat bo‘lgan, tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyotni yuksalishini taʼminlaydigan asosiy elementlarni tashkil etuvchi so‘z birikmalarning yig‘indisi hisoblanadi. Aynan Murojaatnomada — "taʼlim", "aholi", "maktab", "xalq", "investitsiya", "tadbirkorlik", "Konstitutsiya", "aholi", "mahalla" va "energetika" bo‘ldi. Jumladan, "taʼlim" so‘zi 25-marta, "maktab" so‘zi 23-marta, "shaxs" va "xalq" so‘zlari 22-marta, "Konstitutsiya" va "investitsiya" so‘zlari 20-marta, "tadbirkor" so‘zi 19-marta va "mahalla" so‘zi 18-marta ishlatilgan.
Inson va uning kamoloti uchun keltirilgan ushbu so‘zlar tahdidbardosh jamiyatni shakllantirishda dolzarb masalaga aylandi. Sababi, dunyo aholisi murakkab davrni boshidan kechirayotganligi, yer yuzida iqlimning keskin o‘zgarishi, suv va boshqa tabiiy resurslar kamayishi, sifatsiz taʼlim bilan bog‘liq muammolar barqaror taraqqiyotga erishish uchun asosiy muammo sifatida qaralmoqda. Shubhasiz, davrga nisbatan befarqlik har qanday millatni tarix sahifasidan butunlay uchib ketishiga olib kelishi mumkin. Davrni chuqur anglab yetgan, unga hamnafas bo‘lishga intilgan millat esa abad yashab qoladi. Boshqacha aytganda, davr mohiyatini chuqur anglab, uning talablariga javob berishga qodir millatgina o‘z taraqqiyotini taʼminlay oladi. Demak, bir tomondan davr talabi, ikkinchi tomondan, davrni anglash jarayonlari bir-biri bilan dialektik bog‘langan bo‘lib, taraqqiyot uchun zamin hozirlaydi. Davrga nisbatan befarq bo‘lgan millat esa, majoziy maʼnoda daraxtdan uzilgan yaproq singari qovjirab qolishi bashariyat tarixida ko‘p bora icbotlangan. Aynan bu fikrlar Murojaatnomaning asosiy mazmunini qamrab oladi va davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ushbu masalalarga O‘zbekiston xalqini eʼtiborli va masʼuliyatli bo‘lish bilan birga, bugungi kunning yangi rahbarlari oldida turgan dolzarb vazifalarga urg‘u berdi. Xususan, yangi davr rahbari davrning noaniqligi, uning o‘ziga xosligi, o‘zgaruvchan g‘oyalarga nisbatan hushyor va tayyor turishi, kurashish uchun yangicha yondashuvlar, kreativ fikrlash va xalq bilan birga bo‘lish lozim ekanligiga eʼtibor qaratdi.
Aynan Murojaatnomada davlatimiz rahbari davrning parodoks holatlarini yengib o‘tish va unga qarshi samarali kurashish mexanizmlarini o‘z nutqida keltirar ekan, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyotida mehnat qilayotgan yangi rahbarlar oldida bir qator holatlarga eʼtibor berish kerakli ekanligini yana bir bor taʼkidlab o‘tdi.
Ularga:
ayrim ijtimoiy maʼnaviy jarayonlarning nazoratdan chetda qolayotganligi;
aholi baʼzi qatlamlarining eʼtibordan chetda qolishi;
aholining ayrim guruhlarida yolg‘izlanish kayfiyatining kuchayishi;
norozi va muxolif kuchlarning muayyan vaqtda joylarda guruhlashishga eʼtiborsizlik holati;
siyosiy vaziyatni aniq baholay olmaslik;
davlat hokimiyati organlarining haddan ziyod zo‘riqishi, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida ziddiyat;
davlatning imkoniyatlarini real baholay olmaslik;
taʼlim-tarbiya ishlarida "xo‘jako‘rsinlik"ka berilish holati;
sohalar sinxronligining darz ketishi va uni bartaraf etish mexanizmining zaifligi;
turmush darajasining pasayib borishi va ishsizlik kabi holatlardan hushyor bo‘lish lozimligi eʼtibor berildi.
Aynan davlatimiz rahbari eng muhim vazifa hayotimizning barcha sohalarida, ayniqsa, boshqaruvda, tarmoq bo‘g‘inlarini idora etishda yangicha fikrlaydigan, fidoyilik ko‘rsatib, keskin vaziyatlarda masʼuliyatni zimmasiga oladigan, hayot bilan hamqadam yurishga qodir iymoni pok, bilimdon, tashabbuskor, mard, tomirida vatanparvarlik qoni jo‘shib turgan odamlargagina ishonch bildirib, ularga rahbarlik vazifalarini topshirish kerak ekanligiga urg‘u berdi.
Murojaatnomada davlatimiz rahbari yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratdi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida rahbarlikning o‘ziga xos masʼuliyati va uning yukini ko‘tarish ham oson emasligiga urg‘u berdi. Yaʼni keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotgan vaqtda rahbar bo‘ladigan shaxs yangi vazifalarni olish bilan birga, jamiyatimizda tinchlik, ijtimoiy-siyosiy barqarorlik, xavfsizlikning taʼminlanishga ham javobgar sifatida inson va uning qadr-qimmatini anglagan holda so‘z va ish birligida muvozanat bo‘lishi kerak ekanligini taʼkidladi.
Murojaatnomada kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tanlov tizimining yo‘lga qo‘yilishi, bu — korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridan biri ekanligi aytildi. Yangicha yondashuv asosida kadrlarni tanlashda eski usullardan voz kechib, ularning intellektual salohiyatini, maʼnaviy fazilatlarini baholaydigan ochiq va oshkora tanlov tizimi joriy etish zaruriyat ekanligi taʼkidlandi. Ushbu masala O‘zbekiston siyosiy tizimining og‘riqli nuqtasi sifatida qaralishi ham bejiz emas. Kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishdagi shaffof mexanizmlarning to‘liq yaratilmagani ham siyosiy xavfsizlikka tahdid sifatida qaraladi. Shuning uchun ham bu masalani yangicha yondashuv asosida rahbarlarni maʼnaviy va intellektual fazilatlarini baholaydigan mezon bo‘lishi zarur ekanligi nazarda tutildi.
Har bir davrning o‘ziga xos o‘zgaruvchan tahdidlari bo‘ladi. Bu tahdidlarini chuqur anglash, tahlil etish va unga qarshi adekvat javob qaytarish yangi davr rahbarining mahorati hisoblanadi.
Bu borada eng avvalo, shaxsning, insonlarning milliy manfaatlarini taʼminlashni oliy qadriyat deb bilish, xavf va tahdidlarning oldini olishga xavfsizlik tizimining ustuvor vazifalaridan biri sifatida qarab, “inson, keyin – jamiyat va davlat» degan g‘oyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak ekanligi ushbu Murojaatnoma zamirida bosh konseptual g‘oya sifatida gavdalanadi.
Yuqoridagi fikrlardan xulosa qiladigan bo‘lsak, bugungi davrning xususiyati, uning talabi ogohlik va hushyorlik tamoyillarini nafaqat rahbar xodimlarning xususiyati sifatida, balki millatning qadriyati sifatida shakllantirishni talab etmoqda. Shu o‘rinda ulug‘ mutafakkir olim va davlat arbobi A.Navoiyning "Shohsen — agar ogohsen, agar ogohsen — shohsen" degan purmaʼno so‘zlari zamirida bugungi yangi davr rahbarining siyosiy imiji tasvirlanadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shukritdin Paxrutdinov,
Siyosiy fanlar doktori, professor